Chekish
sog‘liq uchun xavfli ekanini hamma biladi. Uning qon-tomir, o‘pka, yurak, rak
kabi kasalliklarga olib borishi va alaloqibat chekuvchini halok qilishi ham
ko‘pchilikka ma'lum. Shuning uchun kashandalar orasida chekishga o‘rganib
qolganidan afsuslanadigan, ammo uni endi tark etolmay qiynalib yurganlar ko‘p.
Ana shunday
kishilarning istalgan biridan so‘rab ko‘ring, u chekishni qanday boshlagan
ekan?
Turli
mamlakatlarda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, chekuvchilar odatda
birinchi bor boshqalarga havas qilib, kimgadir qiziqib yoki shunchaki kattalar,
film qahramonlariga taqlid qilgani uchun lablariga tamaki qistirishadi. Nikotin
xumorini qondirish, chekkandan so‘ng badanning orom olishi kabi kashandalar
istaydigan holatlar birinchi chekishda ro‘y bermaydi. Aksincha, tamakidan
olingan ilk "bo‘sa" ko‘pchilikda yoqimsiz taassurot qoldiradi.
Bilib-bilmay
muntazam chekib yurish oqibatida chekishning yuqori bosqichlari-unga o‘rganib
qolish, usiz turolmaslik kabi holatlar yuzaga keladi. Kashandalarning
aksariyati endi majburliklaridan, badanlari nikotin moddasiga o‘rganib qolgani
uchun chekadi. Organizmi shu zaharli og‘uni talab qilayotgani bois ular har
kuni burqsitib tamaki tutatishga majbur.
Kuniga 10
donadan ko‘p tamaki "tanovul" qiladigan chekuvchi rasman kashanda
hisoblanadi. Bundan kam chekuvchilar esa, hali nikotin moddasiga to‘la
o‘rganmagan hisoblanib, ularning chekishni tark etishlari kashandalarga
qaraganda oson kechadi. Chekuvchilar kun o‘tgan sayin badanlarini zaharlab,
zaiflashib, o‘limga olib boradigan dardlarga duchor bo‘layotganlarini yaxshi
bilishadi. Shuning uchun ularning aksariyati chekishga o‘rganib qolganlaridan
afsuslanadi. Uni tark etishga ko‘p bor urinishadu-yu, ammo ko‘pincha
muvaffaqiyatsizlikka uchrab, yana chekishda davom etadi.
Dunyo
bo‘ylab har kuni 15 mln. inson chekishni tashlashga urinar ekan. Siz ham shu
ishga qo‘l ursangiz, shu millionlab insonlarning biri bo‘lasiz.
Biz bugungi
maqolamizda ayni shu maqsad yo‘lida chekuvchilarga yordam berishni niyat
qildik. Sizga qanday qilib chekishni butunlay tark etish mumkinligini tavsiya
etmoqchimiz. Bu, shunchaki, chekishni tashlang, oqibati o‘lim bilan tugaydi,
degan oddiy qo‘rqitish yoki umumiy nasihatlardangina iborat bo‘lmaydi. Balki
tajribada sinalgan, foyda bergan usullar, yo‘llar haqida hikoya qilamiz.
Jahondagi malakali va tajribali sog‘liqni saqlash tashkilotlari hamda maxsus
chekishga qarshi kurash jamiyatlarining tibbiyot vakillari va tadqiqotchilar
bilan hamkorlikda ishlab chiqqan hamda sinab ko‘rgan ilmiy yo‘l-yo‘riq va
dasturlarini e'tiboringizga havola qilmoqchimiz.
Bular
chekishni tashlashni niyat qilib, ammo undan qanday qutilishni bilmayotgan yoki
eplolmayotgan hamyurtlarimiz uchun kerakli qo‘llanma va amaliy yordam bo‘ladi,
deb umid qilamiz.
Chekish
odatidan qanday qutilish mumkinligi haqida so‘z yuritishdan oldin yana bir
muhim gapni aytib o‘tmoqchimiz. Bu hali chekuvchilar safiga kirib ulgurmagan,
biroq unga qiziqib, ta'mini tatib ko‘rgan, kashandalar olamiga endi kirib
kelayotgan yoshlarga qaratiladi. Diqqat, ogohlantirish: Ehtiyot bo‘ling! Siz
shunday bir olamga kirib kelyapsizki, ertaga bu yerdan chiqishni istab
qolsangiz, ortga qaytish juda qiyin bo‘ladi. Bu ko‘chaga kirganingizdan so‘ng
ko‘p pushaymon yeyishingiz aniq. Ishonmasangiz, sen chekishga o‘rganma, deb,
ammo o‘zi tamaki burqsitib o‘tirgan kattalardan so‘rang. Chekma, deb nega o‘zi
chekayotgani haqida bir o‘ylab ko‘ring. So‘nggi pushaymon-o‘zingga dushman
bo‘lmasligi uchun, hozirdan buni tushunib yeting!
Tamaki
zararlari haqida
Chekishning
zararlarini yana bir bor esingizga solsak. Aynan chekish tufayli kelib chiqadigan kasalliklarning
ayrimlari quyidagilar: o‘pka raki, yurak xuruji, qon, xususan, miya
tomirlarining yopilib qolishi, jinsiy ojizlik, osteoporosis (suyakning
mo‘rtlashishi), ayollarda bachadon raki va hokazo. Bu dardlarning aksariyati
bedavo va oxiri bemorning o‘limi bilan tugaydi. Har kuni dunyo bo‘ylab minglab
odam chekish keltirib chiqargan xastaliklardan halok bo‘ladi. Masalan, birgina
Angliyaning o‘zida chekishga bog‘liq dardlar qurboni bo‘layotganlar soni har
yili 114 000 nafarni tashkil etadi. Muntazam chekish inson umrini o‘rtacha
13-14 yilga qisqartiradi. Tasavvur qiling, o‘lim to‘shagida yotibsiz. O‘limingizga
sabab - badaningiz qarigan. Agar chekmaganingizda, o‘pkangiz, qon
tomirlaringiz, yuragingiz hozirgidan ko‘ra ancha yosh bo‘lib, yana kamida 10
yil umr kechirgan bo‘lardingiz. Bu avvalgi noto‘g‘ri amallaringizga
tavba-tazarru qilib qolishingiz uchun yetarli muddat. Boy berilgani uchun
afsuslanishga arziydigan vaqt. Inson umrining, o‘rtacha hisoblaganda, oltidan
biri. Demak, siz uchun eng aziz bo‘lgan hayot ne'matini o‘zingizda ko‘proq
saqlab turmoqni istasangiz, chekmaslikka astoydil intiling.
Tayyormisiz?
Avvalo,
chekishni tashlash uchun o‘zingizni ruhan tayyorlashingiz kerak. Men chekishni
butunlay tark etmoqchiman, unga endi umuman qaytmayman, degan qat'iy ahd va
ishonchga ega bo‘lish bu jarayonda juda muhim. Boshidan ogohlantirib o‘tamiz,
quyida keltiriladigan usullar hammada ham samarali chiqmagan. Balki qat'iy
ruhiy ishonch va matonatga ega bo‘lganlargina chekishni butunlay tark etishga
erishganlar.
Shuning
uchun hammasini boshidan hisoblang. Qilmoqchi bo‘layotgan ishingiz
sog‘lig‘ingiz uchun juda muhim va ayni paytda amalga oshirish qiyin bo‘lgan
vazifa ekanini his qiling. Muvaffaqiyat qozonish hamda chekish illatidan
butunlay xalos bo‘lish uchun katta sabr va matonat kerakligini yurakdan his
eting. Shuni uddalay olishga ko‘zingiz yetsa (ko‘zingiz yetadi!), o‘zingizni
ruhiy jihatdan shunga tayyor deb hisoblasangiz, ishga kirishish vaqti kelibdi.
Demak,
tayyormisiz?
Unda
boshladik...
Chekish
odatidan bir kunda qutilishning iloji yo‘q. Aksincha, asta-sekin tamaki
miqdorini kamaytirib borish bilan bu xunuk odatni butunlay tark etishga
erishish mumkin.
Avvalo,
tamakidan mutlaqo qutilishingiz kerak bo‘lgan aniq muddatni belgilab oling.
Masalan, men bir oydan keyin falon kuni umuman chekmayman, degan qat'iy reja
tuzing. Shundan so‘ng o‘sha belgilangan kun kelguncha kundalik chekiladigan
tamakilar sonini qisqartirib boring. Masalan, siz bir kunda o‘nta tamaki
chekayotgan bo‘lsangiz, bugun 9 dona cheking. Ertasiga uning miqdorini
sakkiztaga tushiring. Yoki har ikki kunda uning miqdorini bittaga kamaytirib
boring. Va har bir chekilayotgan tamakini oxiriga yetkazmang, yarmiga borganda
chekishni to‘xtatib, qoldig‘ini tashlab yuboring. Yana tamakilarni kunning juft
soatlarida chekishga odatlaning. Masalan, soat 14 da, 16 da va hokazo. Ya'ni
chekiladigan har ikki tamaki orasida kamida bir soat vaqt o‘tsin.
Har safar
chekishdan so‘ng kuldonni tozalang va uni ko‘zdan yiroq joyda saqlang. Shuningdek, tamaki isi keladigan
jihozlarni, xonani yoki mashina salonini hid ketguncha tozalang.
Chekishni
tark etishga o‘rgatadigan mazkur dasturni o‘zingizga o‘xshagan biror kashanda
do‘stingiz bilan birga boshlashingizni maslahat beramiz. Erishilgan
muvaffaqiyat va kamchiliklar haqida u bilan o‘zaro fikrlashishni yo‘lga
qo‘ying. Siz do‘stingizni, do‘stingiz esa sizni nazorat qilib tursin.
Har kuni
ertalab badantarbiya mashqlarini bajarishga odatlaning. Jismoniy mehnat bilan
ko‘proq shug‘ullanish bu borada katta yordam beradi.
O‘zingiz
yoqtirmaydigan tamaki turini chekishingiz ham muhim ahamiyatga ega. Ta'mi
yoqmaydigan boshqa navni ishlatish chekishdan
ko‘nglingiz qolishiga yordam beradi.
Agar
odamlar bilan birga chekishni yoqtirsangiz, yolg‘iz qolganingizda cheking. Agar
aksincha bo‘lsa, odamlarning yonida cheking.
Yoningizdagi
chekayotganlar sizga ham tamaki ilinsa, "Yo‘q, rahmat, men
chekmayman", deyishga o‘rganing.
Tamakini
tutatganingizda, har safar nima uchun chekayotganingizni yana bir bor o‘ylab
ko‘ring. Chekishga olib boradigan sabablardan o‘zingizni uzoq tuting.
Chekishni
tark etishingizni lozim qiladigan eng asosiy beshta sababni bir qog‘ozga yozib
oling va uni muntazam har kuni o‘qib turing.
So‘nggi kun
Va nihoyat,
tamakini butunlay tark etishingiz kerak bo‘lgan kun keldi. Endi sizga chekish
mutlaqo taqiqlanadi. Chekish haqida o‘ylay ham ko‘rmang. Tamaki qutilari,
kuldon va olovlantirgichlarni yo‘qoting. Chekuvchilar bilan ham ko‘p gaplashib
o‘tirishni tark etish lozim.
Oila
a'zolaringiz, do‘stlaringizdan sizni muntazam kuzatib, tergab turishlarini
iltimos qiling. Ular yana chekishga qaytishingizga yo‘l qo‘yishmasin. Har bir
kuningiz uchun reja tuzing. Aslo bekor qolmang. Doim foydali ish bilan mashg‘ul
bo‘ling.
Har kuni
kamida sakkiz stakandan suv iching. Bu tanadagi nikotin qoldiqlarining chiqib
ketishiga yordam beradi.
Og‘izni
bo‘sh qoldirmaslik kerak. Doim shakarsiz saqich, konfet kabi yeguliklar bilan
og‘izni band etish maqsadga muvofiq.
Chekishning
xumori tutganda chuqur-chuqur nafas olib, xonada bo‘lsangiz tashqariga chiqing,
o‘tirgan bo‘lsangiz, turish kerak.
Kundalik
ovqatlarni o‘z vaqtida tanovul qilish ham muhim. Chekmasdan o‘tkazgan har bir
kuningiz uchun o‘zingizni rag‘batlantiring. Rejada ko‘zda tutilgan biror
vazifani bajarmaganingizda esa o‘zingizni jazolang. Bu vazifani sizga so‘zi
o‘tadigan biror kishiga, masalan, ota-onangizga yoki do‘stingizga
topshirganingiz ma'qul. Rag‘batlantirish va jazolash ishlarida moddiy
manfaatdorlik usullarini qo‘llash yaxshi samara beradi.
Bir necha
kun o‘tib chekish xumori va odati sizni ilgarigidek bezovta qilmayotganini his
etasiz. Lekin hali butunlay muvaffaqiyat qozonganingiz yo‘q. Shunday paytlar
keladiki, tamaki chekishga nisbatan kuchli xohish paydo bo‘lib, dunyo
ko‘zingizga qorong‘i va tor ko‘rinib ketadi. Sabr qiling. Xumor bir necha
daqiqa ichida o‘tib ketadi. Bu orada sekinlik bilan chuqur-chuqur nafas olish
lozim. Shu tarzda sekin suv sipqorib, qultumni yutishdan oldin og‘izda bir
muddat tutib turish ham foyda beradi. Boshqa biror narsa haqida o‘ylab,
chekishni xayoldan chiqarib tashlang. Muvaffaqiyatli o‘tayotgan har bir kunni
taqvimda belgilab boring.
Xullas...
Chekishni
tark etish oson emas. Ko‘pchilik bir necha marta harakat qilsa ham
muvaffaqiyatga erisholmaganidan noliydi. Lekin bir-ikki bor uringandan keyin,
men eplolmas ekanman, deb mashqlardan voz kechish yaxshi emas. Chunki chekishni
butunlay tashlashga erishganlarning aksariyati aynan bir necha marta uringandan
keyin muvaffaqiyat qozongan.
Yuqoridagi
mashqlarni bajarish davomida muvaffaqiyatli o‘tgan har bir kun, haftani
sarhisob qilib boring. Haftalab, oylab chekmasdan erishib kelayotgan
mashaqqatli mehnatingiz samarasini bitta tamakini burqsitish bilan chippakka
chiqarish naqadar alamli ekani haqida o‘ylang. Nima uchun chekishni
tashlayotganingiz sabablarini o‘zingizga bot-bot eslatib turing.
Va nihoyat, agar hanuz muvaffaqiyat qozonolmayotgan
bo‘lsangiz yoki yana qo‘shimcha maslahatlarga ehtiyoj sezsangiz, tushkunlikka
tushmang va bizga murojaat eting. Aynan qaysi masalada qiynalayotganingizdan
bizni boxabar qiling. Buning uchun tahririyatimizga maktub yo‘llashingiz yoki
qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin. Ahvolingizni
o‘rganib, mutaxassislar bilan bog‘langan holda sizga qo‘limizdan kelgan
yordamni berishga harakat qilamiz.
|