Buyuk Britaniyada BBC telekanali hasharotlarga bag‘ishlangan, Life in
the undergrowth («Butalardagi hayot») deb nomlangan yangi ilmiy ommabop
serialni namoyish qilishni boshladi. Eng zamonaviy telekameralar
yordamida mualliflar shu paytgacha inson nigohi ilg‘ay olmagan
sahnalarni suratga olishga muvaffaq bo‘lishganki, ularni tomosha qilar
ekan, kishi o‘zini boshqa olamga tushib qolgandek his qiladi.Yangi
hujjatli serial haqida xabar berar ekan, Britaniyaning The Mirror
gazetasi hasharotlar hayotidan 25 ajabtovur faktni e’lon qildi: 1. Hasharotlar – bundan 400 mln. yil ilgari Yerda paydo bo‘lgan ilk
jonli mavjudotlardir. O‘shandan buyon ular beshta ommaviy halokatlarni
boshdan kechirishdi va tiranozavrlardan ko‘ra yashovchanroq ekanliklari
ma’lum bo‘ldi.
2. Hozir dunyoda asalarilarning 20 mingga yaqin turi mavjud. 500
gramm asal yig‘ish uchun bitta ari uyasidan gulgacha 10 mln. marta uchib
borishiga to‘g‘ri keladi.
3. Urg‘ochi suvarak bir yil davomida 2 milliondan ziyod tuxum
qo‘yishi mumkin. Bundan tashqari suvarak to‘qqiz kun boshsiz yashay
oladi.
4. Bir yil davomida o‘rgimchaklar iste’mol qiladigan barcha
hasharotlarning og‘irligi yer yuzida yashovchi barcha insonlar vaznidan
og‘ir bo‘ladi.
5. O‘rgimchaklarning 35 mingga yaqin turi ma’lum va hamma vaqt yangi-yangi turlari kashf qilinayapti.
6. Qor chayonlarining qonida antifriz mavjud, shuning uchun ular
tselsiy bo‘yicha minus 6 gradus haroratda ham yashay oladilar. Biroq
bunday chayonni qo‘lga olsangiz o‘lib qoladi.
7. Urg‘ochi uxovyortkada ikkita penis bo‘lib, har birining uzunligi
uning o‘zining bo‘yidan ortiqroq. Bu organlar juda mo‘rt bo‘lib, tez
sinadi. Shuning uchun hasharotlar zahira organlar bilan tug‘iladilar.
8. Chumolilar hech qachon uxlamaydi. Yer yuzida qancha turda qush
bo‘lsa (9000), chumolilarning ham deyarli shuncha (8800) turi mavjud.
9. Kapalaklar ta’mni orqa qismi yordamida sezadi. Qanotlarining rangi nurni akslantiruvchi pardalar yordamida hosil bo‘ladi.
10. Aborigenlar g‘o‘la lichinkalarini qaynoq suvga bulab «vitchetti»
tayyorlaydilar. Shu tariqa ularning ta’mi quymoqnikiga o‘xshab qoladi.
11. Asalarilarning beshta ko‘zi mavjud. Uchtasi boshning yuqori
qismida, ikkitasi esa oldinda bo‘ladi. Asalari qanotlarini bir daqiqada
11.400 marta qoqadiki, bu o‘ziga xos g‘o‘ng‘illashga o‘xshab eshitiladi.
12. Hozir qo‘ng‘izlarning 400 mingga yaqin turi ma’lum. Eng yirik titan qo‘ng‘izning bo‘yi 17 sm.ga yetishi mumkin.
13. Ninachi eng tez uchuvchi hasharot hisoblanadi. Uning harakatining tezligi 57 km/soatga yetadi.
14. «Vitchetti» lichinkalarini tiriklay iste’mol qilgan yaxshi. Katta yoshli kishi o‘nta yirik lichinkaga to‘yadi.
15. Hasharotlar oqsil, uglevodlar, vitamin va minerallarga boy taom
hisoblanadi. Tailandda ular delikates taom sanaladi, u yerda qovurilgan
qora chigirtka va chigirtkalarga talab katta.
16. Amarobia o‘rgimchaklarining bolalari tug‘ilganlaridan so‘ng o‘z
onalarini yeyishadi. Ba’zi urg‘ochi o‘rgimchaklar juftlashish
jarayonidayoq erkak o‘rgimchaklarni yeyishni boshlashadi. Shu tariqa
marhum ota o‘z avlodi uchun oziq hisoblanadi.
17. Qora chigirtkalarning quloqlari oldingi oyoqlarida joylashgan.
Bundan tashqari ularga qarab haroratni bilish mumkin: buning uchun bir
daqiqada necha marta chirillashini aniqlash, uni ikkiga bo‘lish, so‘ng
chiqqan songa to‘qqizni qo‘shish va natijani ikkiga bo‘lish kerak.
Hosil bo‘lgan son haroratni tselsiy graduslarida ko‘rsatadi.
18. Barcha hasharotlarning taxminan uchdan bir qismi yirtqich
hisoblanadi va ularning aksariyati o‘limtik va qoldiq ovqatni yemay,
o‘zi ov qiladi.
19. Beshiktebratar o‘z tanasining uzunligidan 40 baravar uzoqroqqa sakrashi mumkin, burgalar esa 130 barobar.
20. Sayyoramizning inson o‘zlashtirgan har bir kvadrat milida 26
mlrd.dan ziyod hasharot yashaydi. Olimlarning fikriga ko‘ra, yana fanga
noma’lum hasharotlarning 5-10 mln.ta turi mavjud.
21. Mayda chaquvchi hasharotlar, oqboshlar, qanotlarini bir daqiqada 62.760 marta qoqishadi, ko‘z ilg‘amas tezlik!
22. «Lolita» muallifi Vladimir Nabokov bir necha kapalak turlarini
kashf qilgan. Ulardan biri yozuvchi sharafiga uning nomi bilan atalgan.
23. Uy pashshalari odatda o‘zlari paydo bo‘lgan joy yaqinida
yashashadi, biroq ma’lum bo‘lishicha ular shamol ta’sirida 45 km.
uzoqlikkacha «ko‘chib» borishlari mumkin ekan.
24. Dunyodagi eng yirik tungi kapalak Attacus Altas. Qanotlari
yoyilganda 30 sm.ga yetishi bois ko‘pincha ko‘rganlar uni qush deb
o‘ylashadi.
25. Cho‘l chigirtkasining galasida 50 mlrd. hasharot bo‘lishi mumkin.
Har bir chigirtka o‘z vazniga teng ovqatni yeya oladi. Mazkur gala bir
kunda Nyu-York aholisi yeydigan ovqatdan to‘rt baravar ko‘proq ovqatni
paqqos tushiradi.
|