Olimlar ota-onalarni jiddiy ogohlantirib, sakkiz yoshdan kichik bo‘lgan
bolalarga, uyali aloqa telefonlaridan foydalanishga ruxsat bermaslik
kerakligini e’tirof etishmoqda. Bunday natijalarga ko‘p yillik
tadqiqotlar sabab bo‘lmoqda. Aks holda bolalarda miya o‘simtasi paydo
bo‘lishi ehtimoli katta bo‘lishi mumkin, deb aytishmoqda doktorlar.
Bunday kuzatuvlar Britaniyada katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
To‘rtdan sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun maxsus uyali telefonlar
ishlab chiqaruvchi kompaniya o‘z faoliyatini zudlik bilan to‘xtatishga
majbur bo‘ldi. 2000 yildan beri Britaniyada mobil aloqa xizmatidan
foydalanuvchilar soni besh marotaba ko‘paygan va ayni vaqtda 50 million
kishidan ortib ketgan. Xuddi shu yillar ichida tezkor aloqa
vositalaridan foydalanadigan bolalar soni ham kamida besh marotabaga
ortgan. "Uyali aloqaning inson organizmiga ta’siri” qo‘mitasi raisi,
Nurlanishdan saqlanish milliy kengashi professori Uilyam Stuard o‘zining
ko‘p yillik to‘rt tadqiqotini jamoatchilik e’tiboriga havola etdi.
Shvetsiyada o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalari shuni
ko‘rsatdiki, uzoq vaqt uyali aloqadan foydalanayotgan kishilarda quloq
va miya o‘simtasi rivojlanishi ehtimoldan xoli emas. Xuddi shunday
izlanishlar Gollandiyada ham o‘tkazildi. Ularga ko‘ra, telefon
stantsiyalari yaqinlarida yashovchi kishilar boshqalarga qaraganda o‘z
sog‘liqlaridan ikki barobar ko‘proq shikoyat qilmoqdalar va ularning
ko‘pchiligida saraton kasalligi aniqlanmoqda. Yana bir tekshiruv,
Yevropa ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan dastur shuni ko‘rsatdiki,
uyali aloqa to‘lqinlari inson organizmi hujayralariga salbiy ta’sir
ko‘rsatib, ularni yakson qilishga sababchi bo‘ladi.
Professor Stuardning aytishicha, hali ilmiy jarayon
davom etadi. "Biroq, qo‘limizdagi dalillar ko‘p narsalarga aniqlik
kiritayapti. Ammo bir narsa qat’iyan aniqki, nurlanishga birinchi bo‘lib
yosh avlod duchor bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan kelib chiqqan holda,
ota-onalar o‘z farzandlarining sog‘lig‘i uchun qayg‘urgan holda, uyali
telefondan foydalanish me’yorlarini ko‘rib chiqishlari va ularga mobil
aloqa zarur bo‘lmasa, imkon qadar foydalanmaslikni tavsiya etishlari
lozim.”
Professorning ushbu chaqiriqlari e’tiborsiz qolmadi.
Bir necha kundan so‘ng Milliy maktablar assotsiatsiyasi bosh direktori
Devib Xard maktablarda uyali telefonlardan foydalanmaslikni so‘radi va
salbiy oqibatlar haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi. O‘z navbatida, uyali
telefonlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tekshiruvlar natijalarini
g‘azab bilan qabul qilib, hali inson organizmi uchun telefonlarning
zararliligiga to‘liq isbot va dalillar keltirilmaganini qayd etishdi.
Umumjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yaqin yillar
ichida Yer yuzidagi hamma ilmiy tekshiruvlarni jamlab chop etishni
rejalashtirmoqda. Shundan so‘ng, ushbu muammoli masalaga oydinlik
kiritilishi mumkin, deb ta’kidlanmoqda. Mamlakatning boshqa hududlarida
esa vaqtni boy bermay xavfsizlik choralari allaqachon ko‘rila boshlandi.
Angliyaning Yangi Uoltem shahridagi tadbirkorlik va
ishbilarmonlik kollejida eshikdan kiraverishda maxsus tezkor aloqa
vositalarini fosh etuvchi skaner o‘rnatildi. Agarda qay bir o‘quvchida
telefon topiladigan bo‘lsa, maxsus xizmat vakillari uni darhol musodara
qilib, ota-onalariga berib yubormoqdalar. Shvetsiya olimlarining bayonot
berishicha, akustik to‘lqinlar markaziy nerv sistemasiga salbiy ta’sir
ko‘rsatadi. Aynan telefon qaysi tarafda foydalanilsa, shu tarafdagi miya
faoliyatini ko‘proq kuchsizlantirmoqda va zararli o‘simta hosil
bo‘lishiga olib kelmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, har yili 100000 nafar
kishining eshitish sistemasini ishdan chiqarib, kelajakda kar bo‘lishga
olib kelmoqda. Natijada ular o‘simtani yo‘q qilish uchun xirurglar
xizmatidan foydalanishga majbur bo‘layaptilar.
Aksariyat hollarda operatsiyalar ijobiy kechib, kishi
eshitish qobiliyatini saqlab qoladi. Har yili esa Buyuk Britaniyaning
4700 fuqarosida miya o‘simtasi aniqlanayapti, ularning soni oxirgi 30
yil ichida o‘rtacha 45 foizga ko‘paygan. Afsuski, o‘simta paydo
bo‘lishining asosiy sabablari hali to‘liq o‘rganib chiqilmagan. Shu
sababdan asosiy xavf qaerdan kelib chiqayotgani va oqibatlari to‘liq
aniqlanmagan. Buning uchun hali ko‘p yillik tekshiruvlar va tadqiqotlar
o‘tkazishga to‘g‘ri keladi, lekin har ehtimolga qarshi ortiqcha
nurlanishdan saqlanish maqsadga muvofiq bo‘lar edi, deb ogohlantirmoqda
olimlar.
|