Singapur hukumati mamlakatda tug‘ilish darajasini oshirish uchun
mahalliy oliy o‘quv yurtlari talabalariga "oila qurish uchun
tayyorgarlik” bo‘yicha dasturlarni taklif etmoqda.
Xullas, endi texnikaga o‘zini bag‘ishlagan bo‘lg‘usi muhandislaru
dasturlovchilar uchun ham oila qurish san’atini o‘rganish, shu asnoda
diplom uchun qo‘shimcha ballar ishlab olish imkoni paydo bo‘ldi. Dastur bo‘yicha o‘tilayotgan darslarda sevgi, mehr-oqibatni
ulug‘lovchi filmlar namoyish etiladi, mavzuga oid qo‘shiqlar
o‘rganiladi.
Shuningdek, o‘quv kursi bo‘ydoqlikdan ko‘ra oilaviy hayot
afzalliklarini anglatishni nazarda tutadi. Yangi "fan” bo‘yicha
o‘qituvchilar Singapur ijtimoiy taraqqiyoti departamenti tomonidan
safarbar etiladi. Ushbu davlat muassasasi oila, nikoh va mamlakatdagi
demografik vaziyatni yaxshilash bilan shug‘ullanadi. 1984 yilda ta’sis
etilgan departament sa’y-harakatlari evaziga shu paytgacha 33 ming
yangi oila tashkil bo‘lgan.
Yaqinda departament rahbari Yufu Shun yoshlarga murojaat etib, karera
qilish asnosida oilaviy hayotni unutib qo‘ymaslik lozimligini, negaki,
agar nikoh orqaga surilaversa, inson oxir-oqibat bir umrga yolg‘iz
bo‘lib qolishini ta’kidladi.
To‘g‘ri, birgina o‘quv kurslari natijasida mavjud demografik
vaziyatni yaxshilash mushkul. Masalan, talabalardan biri Kamal Prakesh
darslar o‘tila boshlagandan buyon qizlar bilan o‘zaro munosabatga
kirishishi ancha yengillashganini, ammo u hali ham o‘z juftini topa
olmaganini ta’kidlab o‘tsa-da, yaqin o‘n besh yil ichida asosiy
e’tiborini faqat ishga qaratmoqchi ekanini aytgan.
Ma’lumki, ushbu shahar-davlatda 4,5 million kishi istiqomat qiladi.
Ularning 3,6 millioni singapurliklar (etnik jihatdan ularning asosiy
qismi xitoylar, malayyalar va hindlardir). O‘tgan yili mamlakat hukumati
aholi sonini 20 yil mobaynida 2 millionga oshirish haqidagi rejalarini
e’lon qilgan edi. Bunda o‘sish sur’ati asosan xorijliklar hisobiga
ta’minlanishi ko‘zda tutilgan. Hozirda Singapurda aralash millatli
nikohlar va oilalar ko‘payib bormoqda. Bosh vazir Li Kuan Yuning
fikricha, bu kelajakning bir qismi, jarayonni to‘xtatib bo‘lmaydi, uni
to‘xtatishning keragi ham yo‘q.
Umuman olganda, Singapur London va Nyu-Yorkdagi jo‘shqin hayotga
havas bilan boqadi. Bunga butun dunyodan iste’dodli va uddaburon
tadbirkorlarning jalb etilayotgani hamda qabul qilinayotganini sabab deb
biladi va Singapur ham aynan shu yo‘ldan borishi kerak, deya
hisoblanadi.
|