Dushman aldoviga uchma; maddoh xushomadini chin dema. Dushmanning
g’arazi o’z yomon niyatiga yetmoqdir; maqtovchining maqsadi — xorlik
bilan sendan in'om olmoqdir. Agar ikkalasiga iltifot qilmasang va qabul
qilishni lozim bilmasang, biri o’z maqsadining ijrosidan to’xtaydi va
tadbiri mujmal bo’ladi va ikkinchisining maqtovi hajvga aylanadi.
Yolg’on so’z she'rdan boshqa yerda nomaqbul va yolg’onni aytuvchi aqlsizdir. Yomon
qiliqli odam — badfe'l; achchig’i tez — bir baloga giriftor, bir ofatga
mubtalo badbasharadir. Bular qayon borsa — balodan qutilmas; har yerga
qochsa ham ofatdan xalos bo’lmas. Yomon qiliq g’olib dushmandir va
qahrli yovdir, yomon qiliqli kishi esa doim unga mag’lub va vujudi
undan majruh.
Yolg’onchi odam — unutuvchi; u andisha va ehtiyotdan chetda turuvchi.
Har kimning so’zi chin bo’lmasa, rostgo’ylar ko’ngliga u so’z qabul
bo’lmas. Yolg’onchi o’zining yolg’on so’ziga bir-ikki marta
ishontiradi, keyin nima qiladi? Yolg’onchiligi ma'lum bo’lgach, u rasvo
bo’ladi, uning so’ziga xalq ishonchi yo’qoladi. Ko’ngil xazinasining
qulfi — til; u xazinaning kalitini — so’z bil.
Kimki, yolg’on so’zni birovga to’nkagay, o’z qora yuzini yog’ga
bulaydi. Ozgina yolg’on ham ulug’ gunohdir; ozgina zahar ham halok
qiluvchidir.
Yolg’on gapirish bilan o’z vaqtini o’tkazuvchi odam, bu qilig’i yomon
tuyulish o’rniga, kishilami aldagani bilan faxrlanadi ham. Yolg’onchi
o’z gapiga go’llik bilan quloq soluvchini topsa, ularga yolg’onni
chinga o’tkazsa, murodiga yetgan bo’ladi. Yolg’onchi — haq qoshida
gunohkor; xalq oldida sharmanda. Bunday nahsning beor yuzi yomonlikka
o’girilgan bo’ladi; bunday nahsga botgan odam qutlug’ uydan nari
bo’lg’ay.
Har kimningki so’zi — yolg’on, yolg’onligi bilingach, uyatga qolg’on;
yolg’onni chindek gapiruvchi so’z ustamoni — kumushga oltin qoplab
sotuvchi zargar. Yolg’on-afsonalar bilan uyqu keltiruvchi yolg’onchi —
uyquda alahlovchi. Yolg’on gapiruvchi g’aflatdadir; so’zning
bir-biridan farqi ko’pdir, ammo yolg’ondan yomonroq turi yo’qdir.
Tilga ixtiyorsiz — elga e'tiborsiz. Ko’p, bemaza so’zlaydigan ezma —
kechalari tong otguncha tinmay huradigan itga o’xshaydi. Tili yomon
odam — xalq ko’nglini jarohatlaydi, o’z boshiga ham ofat yetkazadi.
Nodonning vahshiylarcha baqirmog’i — eshakning bemahal hangramog’i.
Xushsuxan odam yumshoqlik bilan do’stona so’z aytadi; ko’ngilga
tushishi mumkin bo’lgan yuz g’am — uning so’zi bilan daf bo’ladi.
So’zda har qanday yaxshilikning imkoni bor, shuning uchun ham
aytadilarki; «nafasning joni bor...»
Kimki ko’ngilni qattiq so’z bilan jarohatlar ekan, unga achchiq til
zaharli nayzadek sanchiladi. Ko’ngiida til nayzasining jarohati bitmas;
u jarohatga hech narsa malhamlik qilmas. Agar
bir ko’ngilda til nayzasining jarohati bordir, faqat yaxshi so’z va
shirin til unga malham va rohatdir. Muloyim so’z — vahshiylarni ulfatga
aylantiradi; sehrgar — ohang bilan afsun o’qib, ilonni inidan chiqaradi.
|