Hayotimizga telegraf, radio, keyin telefon
kirib keldi. Radiotelefon, peydjer, uyali aloqa telefoni… Inson hayotining
turmush tarzi rivojlanib bormoqda.
Muhim telefon so’zlashuvlari qisqa, muloyim va hurmat yuzasidan bo’lishi kerak.
Tadqiqotlarga ko’ra, tik turgan holda gaplashsangiz, ovozingizdagi ohang
qat’iyroq bo’ladi. Agar o’tirgan holda gapirsangiz, ovozingiz yumshoqroq va
muloyimroq chiqadi.
Telefonda gaplashishning bir nechta umumiy qoidalari bor. Raqam terishdan avval
o’ylab ko’rishingiz kerak. Sizning qo’ng’irog’ingiz xush kelarmikan? Telefon
qilayotgan kishingizni bezovta qilib qo’ymasmikansiz? Shu tobda siz qo’ng’iroq
qilayotganingizda uni kimdir bezovta qilmayotganmikan?
Har qanday qo’ng’iroq salomlashish va tanishishdan boshlanadi, keyin
gaplashishingiz kerak bo’lgan odamni chaqirib berishlarini iltimos qilasiz.
Suhbatni boshlashdan oldin, muhim ishdan qoldirmadimmi deb so’rang.
Yodda tuting, tanishingiz yoki dugonangiz bilan shoshilmasdan suhbat qurayotgan
paytingiz, sizga muhim ish bilan qo’ng’iroq qilayotgan bo’lishlari mumkin.
Telefon orqali bekorchi gaplarni gaplashmang. Agar do’stingiz bilan ko’ngildan
suhbatlashmoqchi bo’lsangiz, u bilan biror joyda uchrashib gaplashganingiz
ma’qul. Judayam kech bo’lib qolganda tanishingizga qo’ng’iroq qilmang. Agar 5-6
marta chaqirgandan keyin telefonni hech kim ko’tarmasa, boshqa qo’ng’iroq
qilmang. Agar kimdir raqamni noto’g’ri terib sizga tushib qolsa, qo’pollik
qilmay, mayinroq javob bering: "Kechirasiz, boshqa raqamga tushib qoldingiz”.
Eslab qolish zarur bo’lgan shunday qoida bor: do’stingizning uyiga
ogohlantirmasdan bormang. Bu telefonning afzalliklaridan biridir.
Hech qachon telefon qilayotgan insonga "Kim bu gapirayotgan?” deb so’ramang. Bu
odobdan emas.
Telefonda gaplashayotgan vaqtda aloqa uzulib qolsa, o’sha odamga qayta
qo’ng’iroq qiling. Noto’g’ri ulanib qolgan bo’lsa, gaplashishdan oldin qayerga
qo’ng’iroq qilayotganligini aniqlab oling.
Go’shakdan baqirib gapirmang – bu eshitishni yaxshilamaydi; yaxshisi
shoshmasdan, so’zlarni aniq ifodalab gapiring. Gaplashayotganda qo’pol ham,
o’ta muloyim ham bo’lmang. Uchrashuvga kelishib olayotganingizda, telefonda
hamma savollarga javob bermang. Kimnidir telefonga chaqirib berishlarini
so’rashsa, "Kim so’rayapti?” deb qiziqmang. Lekin rahbaringiz so’rasa, qanday
joy bilan ulanayotganingiz, kim gapirayotgani, qayerdan v anima maqsadda qanday
tanishtirish kerakligi haqida bilib olishingiz kerak.
Go’shakni ko’tarib qo’ymang. Yana qo’ng’iroq qilishlari mumkin. Yaxshisi,
"20-30 daqiqadan keyin qo’ng’iroq qiling”, deb ayting. Sherigingizga qo’ng’iroq
qilishga kelishgan bo’lsangiz, va’dangizni bajaring. O’ta zarur ishingiz
bo’lmasa, ishdagi odamga shaxsiy ishlar bilan qo’ng’iroq qilmang. Ish yuzasidan
bo’lsa, bir necha daqiqaga qo’ng’iroq qilishingiz mumkin.
Ogohlantirmasdan turib, ertalab soat 8.00 gacha, kechqurun soat 22.00 dan keyin
qo’ng’iroq qilmang. Telefoningiz oldida qayd daftarchasi va qalam turishi
kerak. Nimanidir yozib olish zaruriyati tug’ilsa, bu narsalarni qidirib
qolmasligingiz zarur.
O’ta muloyimlik ham odobdan emas. Shakarningham ozi yaxshi. Albatta, "marhamat
qilib”, "rahmat” so’zlarini ishlatasiz, biroq uzoq so’rashib, boshni
qotirmaganingiz ma’qul.
Telefonsiz insonga tez yordam ko’rsatib bo’lmaydi. Bunda bo’lib o’tgan voqeani
aniq va lo’nda ifoda etish zarur. Ortiqcha gaplar bilan vaqt yo’qotmagan
ma’qul. Agar favqulodda hodisa bo’lgan vaqtda qo’lingizda telefon bo’lsa,
yordam chaqirish uchun berish zarur. Qarindoshlaringiz, do’stlaringiz,
tanishlaringizning boshiga biror ish tushsa, telefon orqali so’rash to’g’ri
kelmaydi, bunday vaqtda ularning oldiga qanday yordam kerak, deb ko’ngil so’rab
borish zarur.
Odatda, ishga doir qo’ng’iroqlar ishxonaga qilinadi. Agar vaziyat taqozosi
bilan kimningdir uyiga telefon qilishga to’g’ri kelsa, avvalo uzr so’rash,
shundan so’nggina qo’ng’iroqdan maqsadingizni qisqa bayon qilish lozim. Tafsilotlarni
uchrashganda yoki ishxonaga qo’ng’iroq qilganda gaplashishga kelishib oling.
Chunki odamlar uyda ish haqida o’ylamay, dam olish huquqiga egalar. Bu huquqni
hurmat qilish kerak.
Agar notanish odamga qo’ng’iroq qilayotgan bo’lsangiz, albatta o’zingizni
tanishtirib, bu raqamni sizga kim berganini ayting.
G’arbda telefon orqali har qanday suhbat 3-5 daqiqadan ortiq davom etmasligi
kerak, deb hisoblashadi. Bunga, hech bo’lmaganda, ish yuzasidan bo’layotgan
suhbat jarayonida amal qiling.
Qoida bo’yicha, qo’ng’iroqni qabul qilayotgan shaxs birinchi bo’lib tanitmaslik
huquqiga ega. "Kim bilan gaplashayapman?”, "Bu kim?”, "Men qayerga tushdim?”
kabi so’roqlar bilan gap boshlash odobsizlik sanaladi. Agar qo’ng’iroqqa
chaqirilgan kishi joyida bo’lmasa, go’shakni olgan odam kim telefon qilganini
aniqlashtirib o’tirmasligi kerak. "Kim so’rayapti?”dan ko’ra "Nima deb qo’yay?”
degan so’roq yaxshiroq.
Telefonda so’zlashayotganda tinglash qobiliyati juda muhim. Buni esdan
chiqarmang.
Ko’chada, odamlar orasida ba’zida mobil telefon orqali baqirib gaplashayotgan
kishini uchratamiz. Yoki tramvay, avtobusda ketayotganimizda mobil telefonida
gaplashayotgan odamning ovozini hamma eshitadi. Aytishlaricha, Yaponiyada
avtobusda ketayotgan biro dam mobil telefonda baqirib gaplashgani uchun
atrofidagi yo’lovchilar uni do’pposlashgan ekan. Bu kabi muammolarga biz duch
kelmaymiz, deb bo’lmaydi. Nachora, ehtiyojlarning o’zi qonun-qoidalarni paydo
qiladi. Jamoat joylarida mobil telefoningizga qo’ng’iroq qilib qolishsa agar
zarur bo’lmasa, yaxshisi, "Hozir transportda yoki biror joyda edim, sal turib
o’zim qo’ng’iroq qilaman”, deganingiz ma’qulroq. Zero, telefonda so’zlashuv ham
sizning nazokatingizni belgilab beradi.